Kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
Urganch tumanida joylashgan bojxona omborida “Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish” mavzusida ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mazkur tadbir kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bunday holatlar yuzaga kelganda tezkor va to‘g‘ri harakat qilish, shuningdek, mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdan maqsadida tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotida obyektning Fuqaro muhofazasi tuzilmalari, viloyat hamda Urganch tumani Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlarining kuch va vositalari ishtirok etdi.
Mashg‘ulot davomida shartli favqulodda vaziyat yuzaga kelgan holat amaliy tarzda namoyish etilib, belgilangan tartibda tegishli xizmatlarni xabardor qilish, zarur kuch va vositalarni voqea joyiga jalb etish, xavfli hududni aniqlash va cheklash, aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilish hamda yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
Shuningdek, kimyoviy moddalarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish, ularni saqlash va ular bilan ishlashda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tezkor bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Post #29144
431









