#Taqriz_53
So'nggi to'fon.
Ahmad Lutfi Qozonchi
Bilamizki, Ahmad Lutfi Qozonchining asarlari badiiy-diniy asarlar sirasiga kiradi. Bunday kitoblarni o'qigan har bir kitobxon nafaqat fikrlashini oshira oladi balki undagi ijobiy qahramonlarning fazilatlarini o'zida mujassamlashtirishga ham harakat qiladi. Axir kitobni o'qishdan maqsad ham ana shu emasmi?
To'fon...
U dengizni larzaga keltiradi. Ba'zan tinch turgan sohilni ham yo'q qilib yuborishi mumkin.
Asar Tursun ismli o'g'ri haqida. Salbiy qahramon - Tursun birovga achinmaydigan, o'zidan boshqa hech kimni hattoki, oilasini ham o'ylamaydigan inson sifatida gavdalanadi. Ammo uning ayoli va farzandi Tursunning aksi edi.
Farzandi bo'lmish Xasan otasini o'zgartirish, oz bo'lsada uning qalbiga iymon nurlarini sochishga urinadi. Ammo bu urinishlar hech foyda bermaydi.
"Alloh o'zi istagan kishilarnigina hidoyatga burib qo'yur."
Ota farzandiga yaxshi fazilatlari bilan o'rnak bo'lmog'i lozim. Lekin ba'zan buning aksi ham bo'lib turadi. Kattalar qilayotgan xatolarni ko'rib, bola o'ziga xulosa chiqarishi mumkin. Aytishadiku, "Odobni odobsizdan o'rgan" deb. Asardagi Tursunning farzandi ham iymonli, birovni haqqiga xiyonat qilmaydigan inson bo'lib yetishishi gapimizning qanchalik to'g'ri ekanligini tasdiqlaydi.
"Chiroyli gullarning tikani bo'lgani kabi ba'zan tikanlar orasida ham gul o'sadi."
Farzand tarbiyasiga e'tiborli bo'ling! Zero, sizning bu dunyodagi safaringiz tugaganida, sizga savob keltirib turadigan yo'llardan biri bu farzandingizni sizga atab qilgan yaxshi amallaridir.
Asarda ayol siymosi ham juda chiroyli tasvirlangan. Har qaysi ayol sabr qila olsagina oilasini saqlab qoladi va shunga yarasha ajrini ham oladi.
Hozirgi kundagi ko'p oilalarni ajralishiga sabab ham yetarlicha sabr qilinmaganidir.
To'fon - bu Tursun edi.
Sohil esa u zug'um qilgan insonlardir. So'nggi to'fon - Tursunning bu hayotdan ko'z yumishi: Xasan uning quloqlariga Alloh..Alloh..deya pichirladi ammo Tursun endi nafas olmayotgan, omonatini topshirgan edi. Tursun hayotining so'nggiga qadar o'z yo'lidan qaytmadi.
Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, inson hayoti davomida hech kimga yaxshilikni ravo ko'rmasa, uning o'limi ba'zilar uchun quvonarli bo'lishi mumkin. Yaxshi amallar va yaxshi nom bilan bu dunyodan ketish barchamizga nasib etsin!
©
Abdullajonova