🇺🇿O‘FA va 🌏OFK rahbariyati futbol rivoji yo‘lida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat.
Shu munosabat bilan Milliy futbol markazida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov, sport vaziri Adham Ikramov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda OFK vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Osiyo futbol konfederatsiyasi o‘rtasida shakllangan samarali hamkorlik aloqalari, qo‘shma loyihalarning bugungi holati hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda futbolni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilmani barpo etish va yosh iste’dodlarni kashf qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va qabul qilingan qarorlar ushbu sport turining yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda futbol O‘zbekistonda davlat miqyosida ustuvor e’tibor qaratilayotgan sohalardan biriga aylangan. Milliy terma jamoamizning jahon chempionatida ishtirok etishi esa mamlakat futboli tarixida muhim voqea bo‘lib, millionlab muxlislarga quvonch ulashgani alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa O‘zbekistonni konfederatsiyaning ishonchli va strategik ahamiyatga ega hamkorlaridan biri sifatida e’tirof etdi. U mamlakatimizning yoshlar va ayollar futboli bo‘yicha xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish borasida to‘plagan tajribasini ijobiy baholadi.
Shuningdek, OFK rahbari 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladigan FIFA U-20 jahon chempionati ham tashkiliy jihatdan yuksak darajada o‘tkazilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar futbolni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni izchil davom ettirish, mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yakdil fikrga keldi.
Tashrif dasturidan OFK prezidentining Milliy futbol markazidagi raqamlashtirish jarayonlari, sohaga tatbiq etilgan zamonaviy texnologiyalar va axborot tizimlari bilan yaqindan tanishishi ham o‘rin olgan.
🏦O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport
Post #6446
1.42K
