Toshkent viloyati hokimligida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda mahallalardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi va ishchi guruhi a’zolari, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, Toshkent viloyati IIBB, ta’lim va ilmiy tashkilotlar, Bosh prokuratura hamda IIVning tegishli boshqarmalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosi doirasida viloyatda olib borilayotgan ishlar, avvalgi o‘rganishlarda aniqlangan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar viloyatdagi 883 ta mahalla uchun manzilli “Yo‘l xaritalari” tasdiqlanib, kriminogen vaziyati og‘ir 108 ta mahallaga birinchi darajali rahbarlar biriktirilgan.
26-sentabr holatiga asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarning III chorak uchun belgilangan rejasi 94,8 foiz bajarilgan. Kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 3 609 ta “xavfsiz ko‘cha” va 981 ta “xavfsiz uy” tashkil etilgan. Shuningdek, mazkur hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 15 408 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Ijtimoiy profilaktika doirasida huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan fuqarolar bo‘yicha 211 816 ta xulosa berilib, 73 600 ta masala, jumladan 36 560 ta ijtimoiy-maishiy muammo hal etilgan.
Amalga oshirilgan kompleks profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning sakkiz oyida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni 16,8 foizga kamaygani qayd etildi.
Yig‘ilishda tasdiqlangan “Yo‘l xarita”lari ijrosini ta’minlash, shuningdek, hisobot ko‘rsatkichlarining haqqoniyligini o‘rganish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig'ilish davomida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, aholi bilan yaxlit va manzilli ishlash tizimini joriy etish hamda jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
| Telegram | Youtube | Сайт | Instagram |









