Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi hamda ko‘p ming sonli talaba-yoshlari nomidan Sizning oliygohimiz ravnaqi va ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi ko‘p yillik fidoyi, samarali va sermahsul rektorlik faoliyatingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz.
Siz nafaqat tajribali rahbar va bilimli olim, balki o‘zining samimiyligi, ochiqko‘ngilligi hamda har bir talaba-yoshga o‘z farzandidek g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘ladigan mehribon ustoz sifatida barchamizning qalbimizdan chuqur joy oldingiz.
Sizning rahbarligingiz davrida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tub islohotlar va transformatsiya jarayonlari jadal amalga oshirilib, ta’lim tizimi mutlaqo yangi bosqichga olib chiqildi. Xususan, ta’lim sifati, ilmiy-innovatsion faoliyat, xalqaro hamkorlik, infratuzilma hamda yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlarida erishilgan salmoqli natijalar universitetimizning nafaqat respublikamizda, balki Markaziy Osiyo va xalqaro miqyosdagi nufuzini keskin oshirdi.
Ayniqsa, Sizning rahbarligingiz ostida universitet o‘z tarixida ilk bor dunyoning eng nufuzli THE (Times Higher Education) reytingida dunyo bo‘yicha TOP-700 talik oliy ta’lim tashkilotlari qatoridan joy oldi. Shuningdek, Markaziy Osiyoning kuchli 3 talik va mamlakatimizning yetakchi 2 talik oliygohi sifatida e’tirof etildi. QS World University Rankings by Subject 2026 natijalariga ko‘ra, universitetimiz fan sohalari bo‘yicha ham dunyoning eng sara TOP-300 talik oliygohlari safiga kirdi. Universitetning ilmiy salohiyati 70 foizga yaqinlashdi hamda 7 ta ta’lim yo‘nalishi AQSH va Yevropaning nufuzli xalqaro tashkilotlari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Talaba-yoshlarning sifatli ta’lim olishi va munosib yashashi uchun 3 ta zamonaviy talabalar turar joyi, yangi o‘quv binosi va qator zamonaviy imkoniyatlar foydalanishga topshirildi. Sizning rahbarligingiz va fidoyiligingiz ostida erishilgan ushbu yutuqlar universitetimiz tarixiga oltin harflar bilan muhrlanadi.
Fursatdan foydalanib Sizga doimiy sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va kelgusi ilmiy-pedagogik hamda rahbarlik faoliyatingizda yanada ulkan zafarlar va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Universitetimiz talaba-yoshlari nomidan Sizga chuqur ehtirom va samimiy minnatdorchilik bildiramiz!
🇺🇿TDIU Yoshlar ittifoqi
✅Rasmiy sahifalarimiz
💬Telegram | 📹Instagram |📹YouTube | 📒Facebook
