ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan va Ummonning Knowledge Oasis Muscat (KOM) texnoparki vakillari startaplarning ikki mamlakat bozoriga chiqishi, inkubatsiya va biznesni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
🤝 Uchrashuvda ikki tomonlama kompaniyalar almashinuvi ko‘rib chiqildi: O‘zbekiston startaplari va IT-kompaniyalarini Ummon bozoriga olib chiqish, shuningdek, Ummon kompaniyalarini O‘zbekiston bozoridagi imkoniyatlar bilan tanishtirish.
2003-yilda tashkil etilgan Knowledge Oasis Muscat Ummonning yetakchi texnoparklaridan biri bo‘lib, Madayn tomonidan boshqariladi. Uning ekotizimida 200 dan ortiq kompaniya va tashkilot, jumladan Ericsson, Oracle, HP, Microsoft va Huawei faoliyat yuritadi.
👤 Uchrashuvda KOM bosh direktori Jaafar bin Mohammed bin Ali Al Ajmi ishtirok etdi. IT Park Uzbekistan va KOM o‘rtasidagi muzokaralar 2026-yil avgust oyida boshlangan bo‘lib, hamkorlik doirasida qo‘shma vebinarlar va Ummon bozoriga chiqish dasturini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Tomonlar o‘zbek kompaniyalari uchun Ummondagi istiqbolli yo‘nalishlarni, jumladan logistika, yashil vodorod va sanoat texnologiyalari sohalarini o‘rganishni muhokama qildi. Shuningdek, mahalliy investorlar va korporativ hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, KOM infratuzilmasida inkubatsiya va biznesni qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan foydalanishga qaratilgan go-to-market dasturi ko‘rib chiqildi.
✈️ 2026-yil noyabr oyida besh nafar o‘zbek kompaniyasi ishtirokida Ummonga biznes missiyasi tashkil etish hamda COMEX 2027 ko‘rgazmasida O‘zbekiston pavilyonini ochish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Tomonlar Ummonni o‘zbek texnologik kompaniyalari uchun GCC bozorlariga chiqish darvozasi sifatida ko‘rib chiqish, soft-landing va inkubatsiya imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
📄 Uchrashuv yakunida bozorga kirish dasturini ishlab chiqish va hamkorlikni rasmiylashtirish uchun memorandum imzolash ustida ishlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
@startupbaseuz
LinkedIn | Facebook | Instagram | Website


