🟡 Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yurtimizdagi vakolatxonasi va “Chegarasiz shifokorlar” tashkiloti bilan hamkorlikda “OIV infeksiyasi va tuberkulyozga qarshi yangi tavsiyalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
👨⚕️ Tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi vakillari ham ishtirok etdi.
🗣Matbuot anjumani poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada OIV va silga qarshi kurash choralarini kuchaytirish bo‘yicha mintaqaviy yig‘ilish doirasida tashkil qilindi. Unda 10 dan ortiq mamlakatdan qariyb 90 nafar soha mutaxassisi ishtirok etib, ikki kun davomida sil va OIV xizmatlari integratsiyasini yaxshilash, JSST tomonidan tavsiya etilgan yangi vosita va yondashuvlarni joriy etishni jadallashtirish hamda mintaqaviy muvofiqlashtirishni kuchaytirish bo‘yicha amaliy yechimlarni muhokama qilishdi.
🖥 Jurnalistlarga mintaqada bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonda tuberkulyozning oldini olish, erta aniqlash va davolash bo‘yicha erishilgan yutuqlar hamda mamlakatimiz tajribasining JSST tomonidan xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilinayotgani alohida e’tirof etildi.
📍 Tadbirda OIV va tuberkulyozning oldini olish va ularga qarshi kurashish samaradorligini oshirish uchun mintaqalararo hamkorlikni kuchaytirish, samarali yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish hamda milliy dasturlarni takomillashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
🚑 SSV Matbuot xizmati.
🌐 Web-site 🔵Telegram 👥 Fb 📷 Instagram