Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektorining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bayram tabrigi
Qadrli va muhtaram professor-o‘qituvchilar,
hurmatli ustozlar!
Avvalo, Sizlarni – bilim, ma’rifat va yuksak ma’naviyat dunyosining fidoyi posbonlarini 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati va shaxsan o‘z nomimdan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ustozlik – dunyodagi eng ulug‘, sharafli va shu bilan birga ulkan mas’uliyat hamda fidoyilik talab etadigan zahmatli kasbdir. Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” deya azaldan e’zozlab kelinishi bejiz emas. Ustozga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom milliy qadriyatlarimiz va ma’naviy hayotimizning mustahkam ustunlaridan biridir.
Bugungi kunda mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning sharafli mehnatini munosib qadrlash hamda yuqori sifatli ta’lim berishlari uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratish borasida keng ko‘lamli, tarixiy islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu ezgu islohotlarning uzviy davomi sifatida, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ham professor-o‘qituvchilarimizning samarali faoliyat yuritishlari, ilmiy-pedagogik salohiyatini yanada rivojlantirishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar tizimli ravishda yaratilmoqda. Universitetimizning milliy va xalqaro maydondagi ilmiy-innovatsion nufuzi tobora yuksalib borayotganida, raqobatbardosh va zamon talablariga mos iqtisodchi hamda boshqaruvchi kadrlarni tayyorlashda Sizlarning cheksiz zahmatingiz va fidoyiligingiz yotadi. Oliygohimizda professor-o‘qituvchilarimizning mashaqqatli mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Universitetimizda shakllangan boy akademik an’analar va «ustoz-shogird» maktabi bugungi kunda muvaffaqiyatli rivojlanib, yosh olimlar va iqtisodchilar avlodini tarbiyalashda asosiy suyanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuni alohida faxr bilan ta’kidlash joizki, universitetimizda ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 70 foizga yaqinlashib qoldi. Professor-o‘qituvchilarimizning zamon bilan hamnafas odimlab, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va innovatsion pedagogik usullarni faol tatbiq etayotganligi, shuningdek, talabalarimizning nazariy bilimini bevosita amaliyot va real iqtisodiy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirishda, dual ta’lim loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi mehnatlari alohida tahsin va e’tirofga loyiq.
Bugun Yangi O‘zbekistonning yirik iqtisodiy islohotlarini amalga oshirayotgan, davlat va xususiy sektorda mas’uliyatli lavozimlarda fidokorona mehnat qilayotgan ming-minglab bitiruvchilarimizning muvaffaqiyati – Siz bergan chuqur bilim, yuksak tarbiya va amaliy ko‘nikmalarning yorqin tasdig‘idir.
Muhtaram ustozlar va qadrli hamkasblar!
Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lmish yoshlarimizga chuqur bilim berish va ularda zamonaviy amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish yo‘lidagi beminnat xizmatlaringiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Fursatdan foydalanib, universitetimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, hayotini ilm-fan va ta’limga bag‘ishlagan muhtaram faxriy professor-o‘qituvchilarimizga ham o‘zimizning alohida ehtiromimiz va samimiy tashakkurimizni izhor etamiz.
Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy totuvlik, xonadonlaringizga fayz-baraka hamda mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, yangi-yangi yuksak zafarlar tilayman!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
Hurmat bilan,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori
To‘lqin Teshabayev
