Afv – ezgu amal ifodasi
Baʼzan inson hayotidagi eng muhim burilish oddiy eʼtibor, samimiy ishonch va berilgan birgina imkoniyatdan boshlanadi.
Kechagi xatolar har doim ertangi kun taqdiriga hukm boʻla olmaydi. Asosiysi, notoʻgʻri bosilgan qadamlar intihosidan tegishli va toʻgʻri xulosa chiqarish, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlishdir.
Yurtimiz mustaqilligining 35 yillik shodiyonasi arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, 852 nafar shaxs afv etildi. Bu raqamlar ortida faqatgina mahkumlar taqdiri emas, ota-onalar quvonchi, farzandlar sogʻinchi, yaqinlar mehr-muhabbati mujassam...
Afv etilganlarning 163 nafari IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya boshqarmasining hududiy boʻlinmalari nazoratiga olinib, yashash manzillariga yetib borishlari toʻliq taʼminlandi. Ularning 112 nafari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi, 51 nafariga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Afvning mohiyati jazodan ozod etish bilangina cheklanmaydi. Oldinda turgan vazifalar yanada muhim: nazoratdagi shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish, profilaktik suhbatlar tashkil etish, psixologlar ishtirokidagi qayta jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, bandligiga koʻmaklashish va hokazo. Negaki, probatsiya nazorati — jazolash chorasi emas, aksincha, toʻgʻri yoʻlni tanlagan insonlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning hayotida yana xato qilishiga yoʻl qoʻymaslik vositasiga aylandi. Hududlarda hokimliklar vakillari hamda ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida nazorat ostidagi shaxslar bilan profilaktik yigʻilishlar oʻtkazildi. Ularning ijtimoiy muammolarini hal etish, bir martalik moddiy yordam olishiga koʻmaklashish choralari koʻrilib, har biriga yashash hududidan murabbiylar biriktirildi. Nazoratdagilarning barchasi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 10 nafar shaxsga tibbiyot muassasalarida bepul davolanishlari uchun yoʻllanma berildi, 26 nafariga ID-karta olishida amaliy yordam koʻrsatildi, bir nafariga yoshga doir pensiya tayinlandi.
Halol mehnat insonni moddiy taʼminlaydi, jismoniy toblaydi, maʼnaviy va ruhiy tarbiyalaydi. Shu bois 80 nafardan ortiq nazoratdagi shaxslar ishga joylashtirildi, 15 nafarga yaqini hozirda qayta kasbga oʻqitilmoqda. Inson taqdirini oʻzgartirish faqat bir tashkilot yoki tizim zimmasidagi vazifa emas. Bu ezgu amallar jarayonida oila, mahalla, jamoatchilik vakillari va mehnat jamoalarining ham masʼuliyati yuqori.
Adashganlarga bagʻrikenglik bilan yordam qoʻlini uzatish — saxovatpeshalik, oʻzini tiklashlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berish — chinakam insonparvarlikning yuksak namunasi. Probatsiya nazorati ostida turgan shaxslar zimmasida bildirilgan ishonchni oqlash, halol mehnat qilish, oilasi va jamiyatga naf keltirish, ezgu amallari bilan oʻz kelajagini bunyod etishdek katta masʼuliyat ham bor. Eng muhimi, ular ortda qolgan yillarda qaysi yoʻlni bosib oʻtgani emas, kelajakda toʻgʻrilikka, halollikka intilayotganida!
Dilrabo Abduhamidova, mutaxassis-muxbir,
katta leytenant.
✅@Postdarasmiy
