Prezident Shavkat Mirziyoyevning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitidagi nutqidan asosiy fikrlar:
📌Bugungi kunda dunyo chuqur geosiyosiy o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda, yangi tahdid va xatarlar paydo bo‘lmoqda. Bu vaziyat yanada yaqin hamkorlik va birgalikda qarorlar qabul qilishni talab etadi;
📌Har qanday nizo va kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda hal etilishi zarur;
📌“Biz Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilik va G‘azodagi gumanitar vaziyatni katta tashvish bilan kuzatib boryapmiz. Ushbu mintaqada tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tarafdorimiz”;
📌OHIChKning asosiy maqsadi Osiyoda o‘zaro hamkorlikning yaxlit infratuzilmasini shakllantirish, o‘zaro uyg‘un va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan harakatlar, majburiyatlarni bajarish asosidagi munosabatlarning barqaror tizimini yaratish bo‘lishi kerak;
📌Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda Kengashni uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash taklif etildi;
📌Texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusi ilgari surildi;
📌Iqlim barqarorligi sohasida sheriklik qilish bo‘yicha tashabbus taklif qilindi. Bu suvni tejaydigan texnologiyalarni birgalikda joriy etish, “yashil” energetikani rivojlantirish va atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borish imkonini beradi;
📌O‘zbekiston Kengashning Inson mezoni bo‘yicha koordinatori sifatida ta’lim, madaniyat va gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda va kelgusi yili Inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha forumni o‘tkazishga tayyor;
📌O‘zbekiston OHIChKning tashkiliy asoslarini yanada mustahkamlash va uning nizomini takomillashtirish borasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ilgari surilayotgan tashabbuslar o‘zining amaliy ijrosini topishi muhim.
Facebook|Instagram|X
Post #9157
267
