#mulohaza_uchun
BAXTIYORLIK VA MUVAFFAQIYAT SIRI ☺️🚀
Ideal hayotning yo‘qligi aniq. Ammo baxtli hayot kechirsa bo‘ladi. Muammo va tashvishlar orasida mardlarcha borayotgan odam o‘zining irodasini toblab, ma’nan-ruhan yuksaladi. Yuksalish esa doim o‘zgarishni talab etadi.
Quyida e’tiboringizga hayotni yanada samarali, yanada mazmun-maqsadli qilish uchun muhim hisoblangan barhayot an’analarni taqdim etmoqchiman. Baxtiyorlikning bu tamoyillari azal-azaldan, o‘tmishning nodir asarlarida ham ta’kidlanadi.
Bilim va tafakkur
Axborot asrida yashashning ham qulay jihati mavjud. Misol uchun, bilim va yangiliklar endi bizning kaftimizda, ya’ni smartfonimizda. Bir necha asr ilgari Navoiy bobomiz ogoh kishini shoh darajasiga ko‘targan edilar. Sababi bu xislat kishida vaziyatni baholashda muhim bo‘lgan bilim, ma’lumotning bo‘lishini ta’minlaydi. Elektron qurilmalar ko‘proq o‘qish va ong-idrokni kengaytirish uchun xizmat qilsa, hayot ham yaxshi tomonga o‘zgaradi.
Hayotda saboq va xulosa chiqarishni, ularga amal qilishni o‘rganing. Aks holda, ular qarshimizdan qayta va qayta chiqaveradi.
Ziddiyat va o‘zgarish
Hayotdagi ziddiyatlar inson fe’l-atvorini sinovdan o‘tkazadi va kezi kelganda unga ta’sir qiladi. Har qanday sharoitda yomon illatlardan voz kechib, yaxshi odatlarga o‘rganish hayotning muhim tamoyilidir. Hayotning zarbasini fe’limizdagi “uxlab yotgan” biror ijobiy xulqni uyg‘otishga yoki biror nuqsonni qulatishga yo‘naltirish yashashning chinakam shartidir.
Iste’mol madaniyati
Alisher Navoiyning “Og‘ziga kelganni demoq – nodonning ishi, oldiga qo‘yganni yemoq – hayvonning ishi” degan hikmatlarini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Har kuni og‘zingizdan kirayotgan luqmani hech nazorat qilganmisiz?
Unutmang, hamma narsada, jumladan taom iste’molida ham o‘rtachalik yaxshi. Ko‘p iste’mol qilish insonning tafakkur doirasini chegaralaydi, tan sa’y-harakati ovqat hazm qilish bilan band bo‘ladi. Juda kam ovqat tanovul qilish ham sog‘lik uchun zararli.
Bugun – do‘konlar kimyoviy qo‘shimchalarga boy mahsulotlarga to‘la bir davrda sog‘lom ovqatlanishga alohida e’tibor qiling.
Vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan ochlik insonning ruhiy-ma’naviy, hissiy va jismoniy holatini tarbiyalashda muhim o‘rin egallaydi.
Sabr va qat’iyat
Hayotda hadeb huzurlanish yoki muntazam mamnun bo‘lish imkonsiz. Chunki umr mohiyatini baxtiyorlikda emas, mashaqqatlarda anglash mumkin.
Maqsad qilgach, u uchun sabr bilan kurashing. Harakatda qat’iy bo‘ling. Tez erishilgan bo‘lsa, muvaffaqiyat sizga tegishli bo‘lmaydi. Uzoq va mashaqqat bilan erishilgan mukofotning qadri ham yuqori bo‘ladi.
Eleonora Ruzvelt aytgani kabi, hayotning ma’nosi yashash va yangi kechinmalarga botirlik bilan qo‘l cho‘zishdan iborat.
Noxushlikdan saqlanish
Salbiy taassurot qoldirgan kishidan qoching, xosiyatsiz manzilga borishdan tiyiling. Tobora chigallashib borayotgan vaziyatni murosa bilan yumshating. Nohaq ekaningizni tan olishdan qo‘rqmang.
Eng qiyin paytda ham g‘azabni jilovlashga o‘rganing. Kimdir sizga nohaq yomon gapirsa ham, muloyimlik bilan murojaat qilib, ularni mulzam qiling va tarbiyalang.
Hayotdan nolish odatidan saqlaning. Chunki bu kabilardan hamma qochadi va nom-nishonsiz yashaydilar.
📝 Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi
“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”
📖 Kanaldagi ushbu kitob bo‘yicha shu kunga qadar ulashilgan mavzulardan iborat mundarija ushbu postimizda.
👨🏻💻@itspecuz | Mundarija
Post #4691
9.84K