#mulohaza_uchun
IJOBIYLIK – MUVAFFAQIYATNING YAGONA SIRI 🙃
Muvaffaqiyat qozonish juda oson. Yuqori natijalarga erishayotgan insonlar o‘z imkoniyatlariga ishonadilar. Ularning yagona ustunligi – shu.
Har insonda o‘ziga xos tabiat shakllangan bo‘ladi. Inson xulqida ijobiy yoki salbiy jihatlar ustun bo‘ladi. Ijobiy fazilatlilar beligacha qum to‘ldirilgan qopni “yarim bo‘sh” ko‘radi. Shu tabiatiga ko‘ra, uning atrofida o‘z muhiti vujudga keladi. Uning omadli yoki omadsizligi xuddi shu muhitga bog‘liq.
Buyuk insonlar omadining bosh sababi – ularning fe’l-atvorida ishonch va ijobiy hislarning ustunligidir. Ijobiylik – buyuklarning eng buyuk fazilati, desak xato bo‘lmaydi.
Har bir oilada o‘ziga xos an’ana bor. Har bir jamiyatning o‘ziga tegishli bo‘lgan urf-odatlari mavjud. Qaysidir davlatga xos siyosiy yoki ijtimoiy an’analar, shu millatning xususiyatlari hamda fazilatlari negizida shakllanadi. Mamlakatdagi bu umumiy tabiat uning kelajagini belgilaydi.
Bugungi zamon va o‘tmish davrlarning muhitida o‘ziga xos fazilat va ziddiyatlar borligi aniq. Ruhshunos Martin Seligmanning tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, XX asrning so‘nggi 30 yilida ruhshunoslikka ixtisoslashgan jurnallardagi salbiy kayfiyat aks etgan maqolalar hajmi 46 ming hamda ijobiy ruhdagi ishlar hajmi bor yo‘g‘i 400 sahifa ekan.
“Har narsani yaxshilikka yo‘y”, “Hammasi yaxshillikka”, “Taskin olish uchun hikmat izla” kabi qadimiy naqllar baxtli yashash sirlaridan biri. Uni ijobiy ruhdagi kishilar yaratgan. Ijobiy fazilatlilar olamni, undagi har bir narsani odamzodga xayrixoh deb bilishadi. Har bir voqeani xosiyatli hisoblashadi. Biz yoshlikni ilm uchun sarflaymiz. Oqibatda yaxshi turmush tarzidan tortib, jamiyatda o‘zimizga yarasha hurmatga ham erishamiz. Ijobiy tabiatli kishilar hayot ularni yig‘lashga majbur qilganda ham bunda bir xosiyat ko‘ra oladilar.
Hindistonning Maharashtra shtati sharqida joylashgan so‘lim Mahabaleshvar vohasi bo‘ylab yo‘l boshlovchi hamrohligida sayohat qilar ekanmiz, bir necha chaqirimlik sayr barchani holdan toydirdi. Yo‘l boshlovchi va’da qilganidek, so‘nggi manzil sharshara edi. Sharsharaga yetganimizda tabiatning bu qadar go‘zalligidan lol qoldik. Kun issig‘ida holsizlanib, sharshara quyilayotgan anhor bo‘yidagi bahaybat daraxtning tanga orom bag‘ishlovchi soyasida cho‘zildik. Uzoq sayohatdan keyin bu rohatni ta’riflashga til ojiz edi.
“Namuncha issiq bo‘lmasa, yo Xudo!”, dedi sayyohlardan biri juda norozi ohangda. Umri oftob ostida o‘tgan, zuvalasi shu issiqda pishgan yo‘lboshchi bu nolishdan so‘ng jilmaydi: “Agar issiq bo‘lmaganida, siz hozir bu soyada lazzatlanish qanchalik yoqimli ekanini tassavur qila olmas edingiz”, dedi ajin to‘la peshonasini silab. “Sher va yirtqichlarni yaratgani uchun Xudodan nolima. Ularga qanot bermagani uchun shukr qil, degan maqol bor bizda”, qo‘shimcha qildi u.
Bu dunyo biz uchun barcha qulayliklari bilan yaratilgan. Hayotning har bir lahzasida baxt bor. Faqatgina uni his qilish uchun istak zarur.
Misol uchun, deraza oynasidan yomg‘irni tomosha qilish, yaqin do‘stingizdan xabar olish, farzandingizga yangi nimadir o‘rgatib, jajji qalbni to‘g‘ri tarbiyalash, uzoq vaqtdan keyin ota-onangiz bilan ko‘rishish, mazmunli suhbat, ilk marotaba sevib qolish, tun yarmida shirin uyqudan uyg‘onib, tonggacha hali borligidan quvonish, kimdandir o‘zingiz haqida yaxshi ta’rif eshitish, sevgilingiz yoki turmush o‘rtog‘ingiz mehribonligidan lazzatlanish, qiziqarli film ko‘rish, mehr bilan dasturxon tuzash yoki ovqat pishirish, quyosh chiqayotganini tomosha qilib ruhlanish, yangi do‘stlar orttirish, qadrdonlar bilan choyxonada o‘tirish, qo‘shnilar bilan hangoma qilish ...
Bu ro‘yxatni hali uzoq davom ettirish mumkin. Imkoniyat bor ekan, hayotdan zavqlanish kerak. Shunda omad sizdan uzoqlashmaydi.
📝 Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi
“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”
📖 Kanaldagi ushbu kitob bo‘yicha shu kunga qadar ulashilgan mavzulardan iborat mundarija ushbu postimizda.
👨🏻💻@itspecuz | Mundarija
Post #4619
6.47K