#mulohaza_uchun
IBRATLI HIKOYA: Inson fe’l-atvorining muvozanati ⚖️
Talabalarga inson fe’l-atvori xususida ma’ruza o‘qiyotgan ustoz uni qiziqish bilan tinglayotgan zalga murojaat qildi:
“Inson fe’li – murakkab ruhiy-jismoniy harakat. Bir qarasang, inson dunyodagi eng olijanob mavjudotdek. Lekin shunday holatlar ham bo‘ladiki, oldimizda har qanday vahshiy jonzot ham ip esha olmay qoladi. Aytinglar-chi, nega ko‘pchiligimiz jahlimiz chiqqanida baqiroq bo‘lib qolamiz?”
“Sababi jahl bizning xotirjamligimizga barham beradi!”
“Jahl kelsa, aql ketadi! O‘zimizni nazorat qila olmaymiz!”
“Baqirganda fikrni yetkazish osondek tuyiladi”.
Savol yuzasidan ko‘plab javoblar aytildi.
“Lekin yonimizdagi odamga baqirishning nima hojati bor? Unga hammasini bosiqlik bilan past ovozda tushuntirsak ham eshitaji-ku! Jahlimiz chiqqani sayin ovozimiz ham balandlab boraveradi”, – yana auditoriyaga yuzlandi ustoz.
Tag‘in auditoriyada turli javoblar yangradi.
“Jahl otiga qamchi urganlari sayin odamlar bir-birlarining ovozlarini eshitishga qiynaladilar, ular yana ham qattiqroq baqira boshlaydilar. Chunki jahl domiga tushgan odamlarning qalblari bir-birlaridan tobora yiroqlashib boradi. Uzayib borayotgan masofani qisqartirish, fikrlarini bir-birlariga yetkazish uchun ham ular baqira boshlaydilar”.
Ma’ruza zali sukutga cho‘mgan, tinglovchilarning diqqati ustozda edi.
“Xo‘sh, aytinglar-chi, mehr-muhabbat og‘ushidagi ikki qalbning suhbatlashishi uchun masofalar dahl qila oladimi? Yo‘q!”
“Chunki ularning dillari yaqin”, – ustoz javobini izohladi.
“Modomiki ularning muhabbati mustahkamlansa nima bo‘ladi? Ular shivirlab, past tovushda suhbatlasha boshlaydilar. Agar muhabbatlari yuksalib, chinakam ishqqa aylansa, hatto gapirishga ham hojat qolmaydi. Sababi endi ular bir-birlarini nigohlaridan uqa boshlaydilar. Inson bolalari bir-birlaridan olislashib ketmasliklari uchun muhabbatga muhtojlar. Muhabbat – inson fe’l atvorining muvozanatidir”, – xulosa yasadi ustoz.
📝 Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi
“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”
📖 Kanaldagi ushbu kitob bo‘yicha shu kunga qadar ulashilgan mavzulardan iborat mundarija ushbu postimizda.
👨🏻💻@itspecuz | Mundarija
Post #4532
12.1K