TGViewer
IT specialist IT specialist @itspecuz · 8.67K subscribers
Post #2924 3.3K
#mulohaza_uchun

Otangni yaxshi ko‘rasanmi yoki onangni... 👨‍👩‍👧‍👦🤔

Mehmondorchilikda qiziq holatning ustida chiqib qoldim. Bir gala erkaklar 4-5 yoshli bolakayga shunday savol bilan murojaat qilishayotgandi: “Qani, toy bola, aytchi, dadangni o‘g‘limisan yoki oyingni?”

Bolakay ikkilandi. Unga oilasida bunday gaplar gapirilmaydi shekilli boyadan beri hammaning savoliga biyrongina javob berayotgan bola bu savol oldida tek qotdi. Hammaga bir-bir javdiradi, boshini egib barmoqlarini o‘ynay boshladi.

Qo‘shni xonada esa xotin-xalaj, bolalar... Erkaklardan yana biri ayollar o‘tirgan xonadan o‘g‘lini chaqirdi: “Aziz, beri kel-chi”. Ikki-uch yoshlar atrofidagi bolakay chopqillab chiqdi. “Beri kel o‘g‘lim, mana bu yerda o‘tirgan amakilaringga kimligingni ko‘rsatib qo‘ychi? Meni yaxshi ko‘rasanmi, oyingnimi?”, — dedi o‘g‘lini quchib.

Bolakay qo‘shni xonaga ko‘z qirini tashladi. Ishshaygancha otasiga qaradi, otasi ham o‘g‘lining bu harakatini tushundi shekilli cho‘ntagidan pul olib uzatdi. Bolakay pulni olib otasini achomladi: “Sizzi o‘g‘liyiz bo‘laman”. “Ha barakalla, endi mana shu yerda o‘tirgan amakilaringni bir so‘kib qo‘y”. Bolakay chuchuk tilda “boplab” so‘kdi. O‘tirgan erkaklar tizzasiga shapatilab kuldi...

Bu manzara deyarli barchamizga tanish. Qolaversa, oddiy holdek qabul qilamiz. Bolaligingizda sizga kattalar “kimni ko‘proq yaxshi ko‘rasan, oyingnimi yoki dadangnimi”, degan savolni berishgan. Siz ham ota-ona bo‘lgach, o‘z navbatida, farzandlaringizga “otangni yaxshi ko‘rasanmi yoki onangni”, degan savolni berayotgandirsiz. Va buning hech ham yomon tomoni yo‘q, deb o‘ylaysiz, to‘g‘rimi? Ammo u erkaklarga beriladigan an’anaviy “xotiningni yaxshi ko‘rasanmi yoki onangni”, degan ahmoqona savolga o‘xshaydi. Bolangiz goh mehmonlar oldida, goh oila davrasida bu savolga nima deb javob berishni bilmay ikkilanadi. Rostda, otasini yaxshi ko‘raman desa, onasi xafa bo‘ladi, onasini yaxshi ko‘raman desa, otasi xafa bo‘ladi. Kattalar esa o‘z bilganidan qolmaydi. Endi ular bolani aldashga, majburlashga, qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, sotib olishga o‘tishadi. “Aytchi qizim, mening qizim bo‘lasanmi yoki oyingning”, “Agar mening o‘g‘lim bo‘lsang zo‘r mashina olib beraman”, “Agar dadangni desang bog‘chadan qaytishda senga hech narsa yo‘q”. Bola yana ikkilanadi. Axiyri bola-da, u qaysi tomon yaxshiroq narsa taklif qilsa o‘sha tomonga og‘a boshlaydi. Ammo siz o‘zingiz bilmagan holda bolangizning tamagirlik sari birinchi qadam tashlashiga tamal toshini qo‘yib bo‘ldingiz.

Yuqoridagi erkaklarga ko‘ndalang qo‘yilgan savolning (javobini emas) mag‘zini chaqishga urinib ko‘raylikda. “Onang yaxshimi yoki xotining”, “Yo xotiningni de, yo meni”, “Yo shu uyda onangiz yashasin, yo men”... bu savol, bu tanlov oldida boshingiz qotadi. Ana, nari borsa farzandlik burchingiz ustunlik qilib xotiningizdan kechib qo‘yaqolasiz. Siz nega ikkilandingiz? Chunki berilgan savol noo‘rin, ahmoqona. Sabab ona bilan xotinni tenglashtirib yoki taqqoslab bo‘lmaydi. Axir, onalarimiz biz uchun dunyoda eng buyuk zot, ayolingizchi.., ayolingiz ham ona-da — bolalaringiz uchun... Onangiz siz uchun bebaho, muqaddas bo‘lganidek, xotiningiz ham farzandlaringiz uchun ona sifatida yagona, bebaho... Shunday ekan, nega endi farzandlaringizga otang yaxshimi, onang yaxshimi, degan savolni berishingiz kerak? Otaning o‘rnini ona bosmaganidek, onaning o‘rnini ham ota bosolmaydi. Yana shunday buva, buvilar bor. Nevaralarini jon-jahdi bilan yaxshi ko‘radi, shuning uchunmi ularni ota-onalaridan ham qizg‘anishadi. Bir kuni qo‘shni onaxon suhbatdoshlariga “Sevara nevaram mensiz ovqat ham yemaydi, oyimning qizi bo‘lmayman, deyapti”, deya maqtanayotganini eshitib qoldim. Beixtiyor buvi va nevara o‘rtasidagi mehrga havasingiz keladi. Lekin buvi o‘zi bilmagan holda murg‘ak go‘dakni o‘z onasidan ozrooooq uzoqlashtirib qo‘ymayaptimi?
More from @itspecuz
  1. Oct 15, 2026#mulohaza_uchun #it_humor Sayt sizni premium obunani xarid qilishga majburlaganida... 😏 �…
  2. Oct 15, 2026🔥 BARCHA IT VA TEXNIKA YECHIMLARI BIR JOYDA — ZARINLIGHT! Sizga yangi, sifatli va hamyonb…
  3. Oct 9, 2026ЭРИ нимага керак? Қонунчиликда белгиланган шартларга мувофиқ, ЭРИнгиз билан имзолаган элек…
  4. Oct 8, 2026👤 JShShIR: 14 ta raqam nimani anglatadi? 🪪 Aksariyatimiz davlat idoralari yoki banklarda…
  5. Oct 8, 2026#bilasizmi #texnologiya #smartfon Texnologiya ishqibozi tomonidan issiq havoda o‘yin o‘yna…
  6. Oct 6, 2026#excel 🖨 Katta jadvallarni chop etish Jadval chop etish vaqtida bir sahifaga sig‘magan pa…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →