Qaysi sun’iy intellektdan foydalanish kerak?
Noto‘g‘ri savol.
Ular bir-birining o‘rnini bosa olmaydi. Har birining o'ziga xos afzalliklari va kamchiliklari mavjud.
Mening shaxsiy tajriba asosidagi tavsiyam:
🔧 Claude Code — asosiy ish qurolim.
Kod yozish, g‘oyalar ustida ishlash, ma’lumotlarni tahlil qilish. Matn va kod bilan bog‘liq fikrlash jarayonlarimning asosiy qismi aynan shu yerda kechadi. So‘rovlar limiti to‘lib qolganda (bu tez-tez sodir bo‘ladi), ochiq manbali modellarga o‘taman.
Afzalligi: Natijalarni istalgan formatda taqdim qila oladi: rasm, infografika, prezentasiya, jadval, excel, word va hokazo.
Kamchiligi: Qimmat, juda qimmat. Oxirgi paytlar tezligi ham tushib ketdi (bu haqida boshqalar ham nolib boshlagan), ehtimol bu yaqindaina hamma uchun kvotalar 2x oshirilgani bilan bog'liq.
📺 Gemini — har qanday multimodal vazifalar uchun, ayniqsa o‘zbek va rus tillarida.
Video, audio, tasvirlar bilan ishlash va katta hajmdagi hujjatlarni chuqur o‘rganish. Mintaqaviy tillardagi farq aynan shu yerda yaqqol namoyon bo‘ladi — Gemini hozirda o‘zbek va rus tillaridagi audio va videolarni ChatGPT yoki Claude’dan sezilarli darajada yaxshiroq tushunib, qayta ishlaydi. Agar mahalliy kontent bilan ishlasangiz, bu juda muhim.
Afzalligi: Google ekotizimi bilan integrasiya (google docs, sheets, gmail, calendar va hokazo)
Kamchiligi: Funksiyalari cheklangan, haligacha "loyiha" (project) tushunchasi yo'q. Chatlarni o'chirib bo'lmaydi. Xullas web dastur juda ortda qolgan.
📝 ChatGPT — matn yaratish va uni sayqallash uchun.
Suhbatlashish, rejalashtirish, g‘oyalarni tizimlashtirish, professional matnlarni — elektron xatlar, taqdimotlar, hujjatlarni yaratish. Biror matn silliq va ravon chiqishi kerak bo‘lganda, aynan shu modelga murojaat qilaman. Oxirgi paytlar dasturlash uchun Codexni juda maqtashayapti (sifat jihatdan ham narx jihatdan ham), lekin hali o'zim sinab ko'rmadim.
Afzalligi: Juda ko'p qo'shimcha tizimlar, ilovalar bilan integrasiya qilingan.
Kamchiligi: Funksionallik jihatdan ortda qolgan, ko'p o'tlab ketadi (gallyusinatsiya). Lekin oxirgi modellarida buni to'g'rilashid deyishdi.
⚙️ Qwen va DeepSeek — kod yozish uchun zaxiradagi ochiq manbali modellar.
Claude Code limiti to‘lganda, shu ikkisidan biriga o‘taman. Ular unchalik kuchli emas, lekin bepul yoki deyarli tekin va muammoning yechimi ustida ikkinchi marta ishlash uchun yetarlicha yaxshi.
Afzalligi: Juda arzon yoki bepul.
Kamchiligi: Dasturlashdan boshqa narsalarda juda cheklangan. Ayniqsa multimodallik (turli fayllar bilan ishlash) va tilni tushunishda ancha oqsaydi.
Xulosa shuki, “eng yaxshi sun’iy intellekt” haqidagi bahslarning o‘zi noto‘g‘ri. Qaysi birini tanlashingizdan ko‘ra, ulardan qanday ketma-ketlikda foydalanishingiz muhimroq. Har bir model o‘z yaratuvchisi ustuvor deb bilgan jihatlar asosida shakllantiriladi — barchasining eng yaxshi xususiyatlaridan unumli foydalanadigan ish jarayonini yo‘lga qo‘ying.
Siz qaysi SI'lardan foydalansiz? Sizning holatingizda qay biri yaxshiroq natija beradi?
@ertagakech
Post #52
662

- 🔥 9
- ❤ 3