📣 TIBBIYOT XODIMLARI FARZANDLARINING KONTRAKT TO‘LOVI 30 FOIZGACHA QOPLAB BERISH BO'YICHA MA'LUMOTLAR
Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun oliy ta’limdagi yillik kontrakt xarajatining bir qismini davlat hisobidan qoplash tartibi belgilangan.
⚖️ Imtiyoz Prezidentning 2025-yil 9-noyabrdagi PQ–336-son qarori 6-bandining «b» kichik bandi bilan 2026-yil 1-yanvardan joriy etilgan. Uni amalga oshirish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 310-son qarori 2-ilovasida tasdiqlangan.
✅ Subsidiya olish uchun ota yoki ona:
• tibbiyot yoki farmatsevtika xodimi bo‘lishi;
• davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lishi;
• murojaat vaqtida ham davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgan bo‘lishi kerak.
Shu sababli faqat ilgari davlat tibbiyot muassasasida ishlaganlik yoki faqat xususiy klinikadagi 15 yillik stajning o‘zi yetarli emas.
Nizomda aynan bitta muassasada uzluksiz 15 yil ishlash talabi belgilanmagan: davlat tibbiyot muassasalaridagi umumiy staj tekshiriladi.
🎓 Farzand O‘zbekiston hududidagi davlat yoki xususiy oliy ta’lim tashkilotining bakalavriat bosqichida kontrakt asosida o‘qiyotgan yoki talabalikka tavsiya etilgan bo‘lishi lozim.
Farzandning aynan tibbiyot yo‘nalishida tahsil olishi shart emas. Norma respublika hududidagi bakalavriat ta’limiga tegishli bo‘lib, magistratura, texnikum yoki xorijdagi oliygohda o‘qishni qamrab olmaydi.
Ta’lim faqat kunduzgi shakl bilan cheklanmagan: nizomning ariza namunasida kunduzgi va sirtqi ta’lim ko‘rsatilgan.
💰 Qancha mablag‘ ajratiladi?
Yillik kontraktning 30 foizi, biroq BHMning 15 baravaridan oshmagan miqdori qoplanadi. Mablag‘ Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.
2026-yil 1-sentabrdan BHM 440 000 so‘m etib belgilangan. Shunga ko‘ra, hozirgi hisobda subsidiya chegarasi 6 600 000 so‘mni tashkil etadi.
Masalan:
• kontrakt 10 mln so‘m bo‘lsa — 3 mln so‘m;
• kontrakt 15 mln so‘m bo‘lsa — 4,5 mln so‘m;
• kontrakt 20 mln so‘m bo‘lsa — 6 mln so‘m;
• kontrakt 25 mln so‘m bo‘lsa — yuqori chegara sababli 6,6 mln so‘m qoplanadi.
Hisoblashda subsidiya to‘lanayotgan kundagi BHM olinadi.
👨👩👧👦 Bir nechta farzand bakalavriatda o‘qiyotgan bo‘lsa, har bir farzand uchun subsidiya alohida hisoblanadi. Mablag‘ bevosita oliygoh hisobvarag‘iga o‘tkazilib, talabaning kontrakt to‘loviga yo‘naltiriladi.
🔄 Subsidiya bakalavriat tugaguncha har o‘quv yilida beriladi. Keyingi to‘lovdan oldin talabalik holati, kursi va kontrakt summasi HEMIS orqali qayta tasdiqlanadi.
📝 Ariza topshirish uchun tibbiyot xodimi bo‘lgan ota yoki ona istalgan tuman yoki shahar Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi yoxud my.gov.uz orqali elektron ariza yuborishi mumkin.
Arizalar yil davomida uzluksiz qabul qilinadi. Har oyning oxirgi ish kuni soat 23:59 da to‘lov ro‘yxati shakllantiriladi. Undan keyingi arizalar navbatdagi oy ro‘yxatiga kiritiladi.
Mazkur subsidiyadan foydalanishni istagan fuqarolar subsidiya.imv.uz platformasi orqali elektron ariza topshirishlari mumkin.
📋 Xizmat bepul. Ish staji, qarindoshlik va o‘qish ma’lumotlari elektron tekshiriladi. Arizada nazarda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlangan. Jamg‘arma ro‘yxatni olgach, 10 ish kuni ichida to‘lovni amalga oshiradi.
❗️Ma’lumotlar yoki belgilangan shartlar tasdiqlanmasa, ariza rad etilishi mumkin. Akademik ta’til, o‘qishdan chetlashtirish yoki kursda qolish navbatdagi to‘lovlarni to‘xtatadi. Rad javobi ustidan elektron shikoyat berish mumkin; ko‘rib chiqish muddati 10 ish kunidan oshmaydi.
📌 Bu kredit emas. Qonuniy asosda ajratilgan subsidiyani keyinchalik davlatga qaytarish majburiyati nazarda tutilmagan. Talaba kontraktning subsidiya bilan qoplanmagan qismini to‘laydi.
🔗 Huquqiy asoslar: PQ–336-son qaror | 310-son qaror
@EgamnazarUz
Post #2283
5.79K
- ❤ 19