Joriy yilning 25–26-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida “Sahro sadosi” IV xalqaro festivali yuqori saviyada tashkil etildi.
Ushbu nufuzli tadbir Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm boshqarmasi, Ellikqal’a tumani hokimligi hamda qator tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda o‘tkazildi. “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” ezgu shiori ostida o‘tgan festival mintaqadagi turizm, yoshlar siyosati, ilm-fan va san’atning haqiqiy bayramiga aylandi.
“Sahro sadosi” xalqaro festivalining bosh maqsadi– Qoraqalpog‘iston Respublikasi, xususan, Ellikqal’a tumanining betakror tarixiy-madaniy, ziyorat, gastronomik va ekologik turizm salohiyatini dunyoga namoyish etish, mahalliy hunarmandchilik an’analarini qo‘llab-quvvatlash va hududga xorijiy investitsiyalar hamda turistlar oqimini ko‘paytirishdan iborat.
Festival doirasidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini yoshlarning bilim va tezkor fikrlash qobiliyatini namoyish etdi. Aqchako‘l turistik majmuasi sohilida talaba-yoshlar o‘rtasida sportning voleybol, futbol, kurash, arqon tortish hamda shaxmat-shashka turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Festival doirasida ishtirokchilar mintaqaning eng qadimiy va noyob arxeologik yodgorliklaridan biri - Tuproqqal’a va Ayozqal’a arxeologik meroslariga sayohat qildilar. Tuproqqal’a hududida o‘tkazilgan tasviriy san’at tanlovi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, Xivadagi “Ichan qal’a” tarixiy majmuasiga ham ekskursiya tashkil etildi.
Festivalning yakuniy qismi Ellikqal’a tumani amfiteatrida o‘tkazilgan muhtasham konsert dasturi va taqdirlash marosimi bilan yakunlandi.
Batafsil
👉 На руском
👉 In English
Facebook | Instagram | YouTube | Telegram







