#raddiya
RADDIYA
Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Hindiston va Bangladesh fuqarolarini davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga qabul qilmaslik boʻyicha ogʻzaki koʻrsatma berilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu maʼlumot haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
Joriy oʻquv yilidan boshlab xorijlik abituriyentlarni Oʻzbekiston oliy taʼlim tashkilotlariga qabul qilish jarayoni “Study in Uzbekistan” yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — xorijlik abituriyentlar uchun qabul jarayonini yanada ochiq va shaffof qilish, ularni turli vositachilarsiz oliy taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdir. Platformada roʻyxatdan oʻtish bepul boʻlib, abituriyent tanlagan oliy taʼlim tashkilotiga bevosita ariza topshirishi mumkin.
Xorijiy talabalarni qabul qilish hajmi har bir oliy taʼlim tashkilotining mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilanadi. Bunda taʼlim muassasasining oʻquv auditoriyalari, oʻquv-laboratoriya bazasi, professor-oʻqituvchilar salohiyati, talabalar turar joylari va boshqa infratuzilma imkoniyatlari hisobga olinadi.
Xorijlik abituriyentlarga Oʻzbekistonda taʼlim olish uchun rasmiy “Study in Uzbekistan” platformasidan foydalanish, qabul shartlari boʻyicha maʼlumotlarni bevosita tanlangan oliy taʼlim tashkilotidan olish va turli vositachilarga asossiz toʻlovlarni amalga oshirmaslik tavsiya etiladi.
Agar xorijlik abituriyent qabul jarayonida muayyan muammoga duch kelsa, bu haqda platformadagi rasmiy murojaat kanallari orqali xabar berishi mumkin.
Batafsil: https://gov.uz/edu/news/view/222323
Facebook | Instagram | YouTube | Telegram
Post #51964
14.9K

- ❤ 14
- 😁 3
- 🤔 3
- 👍 1
- 😱 1