Shu kunlarda Omarchy Linuxga qiziqib qoldim — tanishdim, biroz o'rgandim.
Sabab oddiy: tech-bloggerlarning Omarchy haqidagi videolari, OS interface, AI bilan boshidan bog'langanligi, biror OS sozlamasini ham AI ga aytib qildirish mumkinligi. va hokazo.
Omarchy yaratuvchisi DHH ning fikrlarini ham eshitdim. U tizimning asosiy qulayliklaridan biri sifatida tez o'rnatilishini ta'kidlaydi: Windows o'rnatilgandan keyin driverlar va yangilanishlarni kutib ko'p vaqt ketadi, deydi.
O'shanda "biroz oshirib yuboribdi-yov" degan fikr xayolimdan o'tgandi.
Kecha bir noutbukka noldan Windows 11 o'rnatishga to'g'ri keldi. Ishonasizmi — haqiqatan ham ancha vaqtim ketdi. OS ning o'zi tez o'rnatildi, lekin yangilanishlar meni kutishga majbur qildi.
Ustiga-ustak, bir yoqimsiz narsani ham topib oldim: Windows 11 da yangilanishlarni yuklab olish tezligini cheklab qo'yadigan mexanizm bor ekan.
Bu nima o'zi?
Uning nomi — Delivery Optimization. Windows yangilanishlarni yuklayotganda butun internetingizni band qilib qo'ymasligi uchun tarmoq tezligining faqat bir qismini ishlatadi. G'oya yomon emas: fonda yangilanish tushayotganda ham brauzer yoki qo'ng'iroqlaringiz sekinlashmasin, degani.
Muammo shundaki, toza o'rnatilgan tizimda siz aynan yangilanishlar tez tushishini xohlaysiz — boshqa hech narsa qilmayapsiz ham. Natijada kutasiz.
Sozlamani bu yerdan topasiz:
Settings → Windows Update → Advanced options → Delivery Optimization → Advanced optionsU yerda yuklab olish tezligi uchun cheklovni foizda yoki aniq Mbps da o'zingiz belgilashingiz mumkin. Shu yerda "boshqa kompyuterlardan yuklab olish" (P2P) tugmasi ham turibdi — xohlasangiz o'chirasiz.
Shundan keyin yana bir bor o'ylanib qoldim:
Windows, macOS, Linux — qaysi biri yaxshiroq?
Sizchi, siz uchun qaysi biri qulay va nima uchun?