Kitob qanday hayratomuz narsa-ya! U daraxtdan yasalgan, egiluvchan qismlardan iborat bo'lgan va ustiga ko'plab g'aroyib to'q tusli chiziqchalar tushirilgan yassigina bir buyum. Ammo unga birgina boqish kifoya — siz birpasda boshqa bir insonning, balki allaqachon, ming yillar muqaddam vafot etib ketgan kimsaning xayolotiga sho'ng'iysiz. Ming yillik masofalardan turib, muallif to'g'ridan-to'g'ri sizning xayolingizda ravshan va so'zsiz so'zlamoqda.
Yozuv, ehtimol, insoniyatning eng buyuk kashfiyotidir; u bir-birini hech qachon tanimagan insonlarni, olis davrlarning fuqarolarini bir-biriga bog'laydi. Kitoblar vaqt kishanlarini parchalab tashlaydi. Kitob — insonlarning mo'jiza yaratishga qodir ekanligining isbotidir.
Agar ma'lumotlar shunchaki og'izdan-og'izga o'tib kelganida edi, biz o'z o'tmishimiz haqida qanchalik oz narsa bilgan va rivojlanishimiz naqadar sekin kechgan bo'lardi! Barcha narsa bizga nima aytilganiga va u hikoya qanchalik aniq ekanligiga bog'liq bo'lib qolardi. Qadimiy bilimlar ezozlanishi mumkin edi, lekin ketma-ket qayta aytib berishlar davomida ular chalkashib, oxir-oqibat yo'qolib ketardi.
Kitoblar bizga vaqt bo'ylab sayohat qilish, ajdodlarimiz donoligidan bahramand bo'lish imkonini beradi. Kutubxona bizni butun sayyoramizdan hamda butun tariximizdan jamlangan eng buyuk ziyo egalari va eng yaxshi ustozlarning bilimlari va tushunchalari bilan bog'laydi — ular charchash nimaligini bilmay bizga saboq beradi va insoniyat turining umumiy bilimlar xazinasiga o'z hissamizni qo'shishga ruhlantiradi.
Dunyoda Gutenberg Muqaddas Kitoblari va Shekspirning birinchi nashrlaridan yetarlicha topiladi, ammo qarshingizda turgan kitoblarning aksariyati juda oz nusxada saqlanib qolgan cheklangan nashrlardir. Shuningdek, dunyoda qog'oz muqovali kitoblarning ommaviy nashrlari ham mavjudki, menimcha, ular undan-da hayratlanarliroqdir: oddiygina bir tushlik narxiga siz butun Rim tarixiga ega bo'lasiz.
Kitoblar urug'ga o'xshaydi: ular asrlar davomida mudrab yotishi mumkin, lekin hatto eng unumsiz tuproqda ham gul unib chiqarishi ehtimoldan xoli emas. Bu kitoblar turimizning va genlardan miyagacha, miyadan kitoblargacha mezon bo'lgan uzoq evolyutsion yo'limiz bilimlari xazinasidir.
Qadimgi Misrdagi kutubxonalar devorlarida mana bu so'zlar bitilgan edi: "Ruh uchun ozuqa". Va bu hali ham kutubxonalar bizga nima ulashayotganiga berilgan juda adolatli bahodir.
— Karl Sagan (1934–1996), amerikalik astronom, planetaryolog va butun dunyo bo'ylab millionlab insonlar uchun koinot hamda ilmni tushunarli va yaqin qilgani bilan mashhur bo'lgan yirik ilm-fan targ'ibotchisi.
Ko'proq postlar — @devonnashruz