Aqlli odamlar nega ahmoqona qarorlar qiladi?
Meni anchadan beri bir savol qiziqtirardi. Nega aqlli, bilimli, odatda juda ratsional odamlar ba’zida juda ahmoqona moliyaviy qarorlar qiladi? Axir u nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanini biladi. Oqibatini ham tushunadi. Lekin baribir qiladi.
Shu fenomenni o‘rganishni boshladim. Va bir narsani tushundim: muammo ko‘pincha bilimda emas. Ba’zida hozirgi istak va emotsiya kelajakdagi oqibatdan kuchliroq bo‘lib qoladi.
Bu yerda ikkita tanish “qahramon” ham bor: dopamin va kortizol )) Dopamin (mukofot va uni kutish bilan bog‘liq gormon) ayniqsa biror narsani juda xohlab qolganimizda kuchli ishlaydi: yangi mashina, qimmat telefon, tez foyda beradigandek ko‘ringan investitsiya, katta chegirma yoki “bunday imkoniyat boshqa bo‘lmaydi” degan taklif.
U miyaga: “Buni ol! Mukofot yaqin!” degan signalni kuchaytiradi. Natijada hozirgi zavq kattaroq, kelajakdagi xarajat va risk esa kichikroq ko‘rinishi mumkin.
Kortizol (stress gormoni) esa boshqa vaziyatlarda ishga tushadi: pul yo‘qotganda, qarz bosimi kuchayganda, bozor tushib ketganda, biznesda muammo chiqqanda yoki qo‘rquv va xavotir kuchayganda.
U paytda miya: “Muammoni tezroq hal qil!” rejimiga o‘tadi.
Shunda odam zarar ko‘rayotgan investitsiyasini vahimada sotishi, yo‘qotgan pulini tez qaytarish uchun yana kattaroq risk qilishi yoki bosim ostida noto‘g‘ri qaror qabul qilishi mumkin. Ya’ni biri “tezroq ol!”, ikkinchisi “tezroq qutul!” deydi.
Kuchli mukofot istagi yoki stress paytida esa ular bizning prefrontal korteksimizni go‘yoki vaqtincha “knock down”ga tushuradi )) Aynan shu qism (prefrontal korteks) sovuqqon fikrlash, impulsni nazorat qilish va uzoq muddatli oqibatlarni hisobga olishimizga yordam beradi.
Shuning uchun men o‘zim uchun bir narsani tushundim:
- Faqat o‘z ratsionalligingizga ishonmang. Ayniqsa emotsiya kuchli bo‘lgan paytda.
- Katta moliyaviy qaror oldidan biroz kuting. Emotsiya pasaysin. Keyin o‘zingizdan so‘rang:
- Men buni aslida nima uchun xohlayapman?
- Bu ehtiyojmi yoki nafsmi?
- Kim uchun qilyapman: o‘zim uchunmi yoki boshqalarga ko‘rsatish uchunmi?
- 10 soatdan keyin ham bundan xursand bo‘lamanmi? 10 kundan keyin-chi? Bir yildan keyin-chi?
Ba’zida moliyaviy qarorni tekshirishdan oldin o‘z nafsingizni tekshirib ko‘rish kerak. Chunki ko‘p moliyaviy xatolarimiz bilmaganimizdan emas, bilaturib o‘zimizni to‘xtata olmaganimizdan kelib chiqadi.
O‘zining ratsionalligiga haddan tashqari ishongan tanishingiz bo‘lsa, unga ham yuborib qo‘ying.
@chiroylimoliya
Post #2302
2.83K
- 🔥 24
- 👍 12
- 🤔 3