Assalomu alaykum,
Toshkentda bo‘lganimda o‘nga yaqin tadbirkor bilan uchrashdim va bir nechta biznes klubda biznes sherikchiligi mavzusida chiqish qildim. Va yana bir bor bitta narsaga amin bo‘ldim: so‘nggi yillarda bizneslarimiz juda katta o‘sdi, lekin ko‘plab kompaniyalarda mulkdorlik madaniyati biznes endi kichik bo‘lgan davrdagi darajada qolib ketgan.
Kompaniyada yuzlab xodimlar, katta aylanma, bir nechta yo‘nalish va professional menejment bo‘lishi mumkin. Lekin biznes egasi hamon eski usulda boshqaradi: delegatsiya qilmaydi, chunki “mensiz buzib qo‘yishadi” deb qo‘rqadi; tizimni emas, odamlarni bevosita boshqaradi; CEO’ni chetlab o‘tib, xodimlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshiriq beradi va boshqaruv iyerarxiyasini buzadi; istagan qaroriga aralashadi, biznesdan pulni xohlagan paytda oladi, vazifasini uddalay olmayotgan qarindoshini lavozimda ushlab turadi, lekin ayni paytda korporativ boshqaruv kerakligi haqida gapiradi.
Bunday tizim badandagi parazitga o‘xshaydi. U biznesni darhol o‘ldirmaydi. Biznes o‘sishda va pul topishda davom etishi mumkin. Lekin u asta-sekin eng muhim narsaga, biznes egasining qarorlar sifatiga ta’sir qila boshlaydi.
Biznes egasi nimadir noto‘g‘ri ekanini his qiladi va o‘zgarish izlaydi: konsultantlar, strategik sessiyalar, KPI, ERP, yangi orgstruktura, chiroyli dashboardlar. Ammo haqiqiy o‘zgarishlar qurbonlik talab qilganida, ya’ni o‘zi aralashishni to‘xtatishi, CEO’ga real vakolat berishi, qarindoshini lavozimdan olishi yoki o‘zining qaror qabul qilish huquqini cheklashi kerak bo‘lganida, tizim o‘zini himoya qila boshlaydi.
Shunda haqiqiy o‘zgarishlar “o‘zgarish illyuziyasi” bilan almashadi. Natijaga emas, “biz nimanidir o‘zgartiryapmiz” degan hissiyotga qaramlik paydo bo‘ladi.
20-50 million dollarlik biznesni 1 million dollarlik biznesdagi fikrlash va odatlar bilan boshqarib bo‘lmaydi. Agar biznes o‘sib, biznes egasi u bilan birga o‘smagan bo‘lsa, bir nuqtada aynan biznes egasining o‘zi biznesning eng katta chekloviga aylanadi.
@chiroylimoliya
Post #2300
2.18K
- 🔥 23
- 👍 11