Yolg'onlar shahri
O'ylab qarasam, jamiyatda mumkin bo'lgan hamma sinovlarni aldab, aslimizdan ko'ra yaxshiroq ko'rinishga harakat qilish normaga aylanib bo'libdi.
Abituriyent bo'lib fanni o'rganishga emas, qanday qilib testda ko'proq ball yig'ishni o'rganishga harakat qilamiz. Vaholanki, testning maqsadi aslida fanni qanchalik bilishni tekshirish bo'lishi kerak. Universitetga kirgandan keyin nima bo'lishi esa qiziq emas.
Ingliz tilini emas, IELTSda qanday qilib yuqori ball olish "sirlari"ni o'rganamiz. IELTS 7-7.5 ball olib qo'ygan, lekin eplab inglizcha matn o'qiy olmaydiganlar oramizda ancha ko'payib qoldi.
O'qishda butun semester davomida fanni emas, 2 kun oldin imtihondan qanday yaxshiroq ball olishni o'rganamiz. Fan nega o'tilayotgani umuman qiziq emas.
Hayotda yaxshiroq odamga aylanishga emas, uchrashuvda yaxshi odam bo'lib ko'rinishga harakat qilamiz. Turmushdan keyingi hayot ikkinchi darajali.
Ishda kerakli bilimlarni o'rganishga emas, kirish intervyularini qanday qilib "yorib tashlash"ni o'rganamiz. Yana bunda psixologiyadan tortib statistikagacha hamma narsani ishga solamiz. Intervyudan zo'r o'tib keyin ishni eplay olmayotganlar normal qabul qilinishni boshladi (yaqingacha o'zim ham shu toifada edim).
Mening fikrimcha esa imtihonlar "qozonda bori cho'michga chiqadigan" vaqt bo'lishi kerak.
Kimni aldayapmiz? Jamiyatnimi? Yaqinlarimiznimi? Yo o'zimiznimi?
O'ylab ko'ring.
P.S. Non-technical post uchun uzr.
Post #496
2.17K
- 👍 68
- 😢 2