Matritsa rangi
Lokal universitetlarda aniq fanlar yoki muhandislik yo'nalishida o'qiydigan tanishlarim bilan tez-tez fikr almashib turamiz. Shunday suhbatlarda men kamida 2 marta duch kelgan mavzu "Matematik matritsaning rangini hisoblash" bo'lgan. Ingliz tilida bu bo'yicha umuman ma'lumot topa olmaganimdan keyin nimaligiga ham, qanday hisoblanishiga ham e'tibor bermagandim.
Bugun 2021-yil TATU talabasi tomonidan openscience.uz'da chop qilish uchun kiritilgan "Methods for calculating the color of the matrix" nomli ilmiy maqolaga ko'zim tushib qoldi. Maqola o'zbek va ingliz tillarida yozilgan.
Maqolada matritsa rangini hisoblash formulasi deb determinantlar yordamida matritsa "rank"ini* hisoblash formulasi ko'rsatilgan ekan. Tushundim. "Rang" so'zi "rank"ning avval rus, keyin o'zbek tiliga o'tishidan kelib qolgan ekan. Undan ham yomoni maqolaning inglizcha versiyasida bu so'z "color" deb qayta tarjima qilingan. Rank (en) -> ранг (ru) -> rang (uz) -> color (en).
Avval kuldim, keyin achindim. Boshqa tildagi adabiyotdan tarjima qilishdagi kichkina xatolik sabab o'zbek tilidagi matematik adabiyotlarga umuman noto'g'ri termin va tushuncha kirib qolgan. Va bu yagona holat emas.
Biologiyaga oid ba'zi o'zbek adabiyotlarida shunga o'xshash jiddiy kamchiliklar borligi haqida eshitgandim. Lekin matematikada bu holatga birincha marta duch keldim.
Xulosa qiladigan bo'lsak, fanga hissa qo'shishning mas'uliyati juda katta. Siz yo'l qo'ygan kichkinagina xatolik ham boshqalar uchun qimmatga tushishi mumkin.
*Matritsada rank, ya'ni daraja deb nomlangan xususiyati bo'lib, matritsa ustunlari yordamida yasalgan vector-space o'lchamini, boshqacha qilib aytganda matritsadagi mustaqil ustunlar sonini ifodalaydi.
P.S. Shuning uchun ham ingliz yo rus tilidagi manbaalardan foydalanishni tavsiya qilaman.
P.S.2 Muallifni hurmat qilgan holda maqolaga link bermayman.
Update: "Rang" so'zi to'g'ridan-to'g'ri ingliz tilidan emas, rus tili matematik adabiyotlaridagi "ранг" so'zi orqali kelgan ekan.
Post #447
2.96K
- 👍 23