OSI modeli haqida
Open Systems Interconnection (OSI) modeli 1984-yilda ISO tomonidan standartlashtirilgan model bo’lib, qurilmalar orasidagi communikatsiya(ya’ni aloqa) qanday bo’lishini belgilab beruvchi konseptlardan (ha, konseptlar, qandaydir dastur emas) tashkil topgan. Shoshmang, avval yaxshilab tushunib oling: qurilmalar orasidagi aloqani ta’minlash. Masalan, men komputerim orqali biror saytga kirishim uchun mening komputerim va o’sha sayt serveri ma’lumot almashishi, ya’ni “gaplashishi” kerak. OSI esa shu ma’lumot uzatish jarayonini bir qancha bosqichlarga ajratib, har bir bosqichning vazifasini va ma’lumot qanday ko’rinishda bo’lishi kerakligini belgilaydi. Demak, bugun biz ko’p hollarda “shunchaki” ishlaydi deb hisoblagan jarayonlardan biri - qurilmalar orasida ma’lumot almashishni network engineer sifatida emas, dasturchi sifatida software tomondan batafsilroq ko’rib chiqishga harakat qilamiz.
OSI modeli ma’lumot uzatishning eng pastdagi ko’rinishi - networkda (havoda, internet kabelda va h.k) suzib yurgan ikkilik ma’lumotdan eng yuqoridagi (siz oladigan “odam tushunadigan” tildagi) ma’lumotni qabul qilishgacha bo’lgan yo’lni 7 ta qavatga ajratadi. Umumiy jarayon quyidagicha: Ma’lumot yuborayotgan qurilmada ma’lumot 7-qavatdan 1-qavatgacha tushib, shu holida network orqali qabul qiluvchi qurilmaga boradi. U esa ma’lumotni 1-qavatdan qaytarib yana 7-qavatgacha olib chiqadi va ma’lumotni o’qiydi.
Har bir qavat haqida gaplashishdan oldin bu qavatlar va umuman, OSI modeli nega ishlab chiqilgan degan savolga javob topishga harakat qilamiz (axir hech narsa sababsiz ishlab chiqilmaydi, shunday emasmi?):
1. Qavatlarga ajratish natijasida yangi abstraksiyalar paydo bo’ladi. Biz ma’lum bir qavatda ishlagan vaqtda qolgan qavatlar biz uchun “shunchaki” ishlaydi. Natijada ma’lum ishni bajarish uchun butun boshli tizimni to’liq tushunish talab qilinmaydi, faqat kerakli qismni bilish yetarli bo’ladi. Masalan, TCP protocoli uchun ma’lumot kabel orqali yoki wi-fi orqali yuborilayotgani qiziq emas.
2. Butun boshli jarayonni bir-biridan mustaqil kichik qismlarga ajratish natijasida tizimning ma’lum bir qismigni modifikatsiya qilish uchun minimal o’zgartirishlar yetarli bo’ladi. Masalan, kelajakda ma’lumot uzatishning yorug’lik, elektromagnit to’lqinlariga o’xshash yangi yo’li paydo bo’lsa, bu usulni standartlash uchun faqat shu vazifaga javob beradigan qavatni o’zgartirish yetarli bo’ladi. Yoki TCP protokoliga o’zgartirish kiritilsa bu o’zgarish faqat TCP ishlaydigan qavatda bo’ladi, qolgan qavatlar har doimgidek ishlayveradi.
@boboshersnotes
Post #305
924
- 👍 14
- 👎 1