Shu kunlarda yana bir juda gʻalati gap aylanib yuribdi. Nima emish, "Boychechak" qoʻshigʻi jadidlarga, xususan, Choʻlponga atab yozilgan emish.
Boychechakni tutdilar
Tut yogʻochga osdilar
Qilich bilan chopdilar
Baxmal bilan yopdilar
Ayni mana shu toʻrtlik va Choʻlponni otishga oʻq qolmasdan uni bolta bilan chopib oʻldirishgani haqidagi gap birlashib "Boychechak" qoʻshigʻi aslida Choʻlpon haqida degan gap urchidi.
Keling, miyani biroz sovitib, faktlarga tayanib oʻylab koʻramiz.
Choʻplon rostdan ham bolta bilan chopib tashlanganmi?
Jadidlarning otuv hukmi bajarilayotgan vaqtda NKVDchilarda oʻq tugab qoladi, Choʻlpon esa hali tirik. Uni bolta bilan chopib oʻldirishadi. Umuman olganda, bu gap qiziq, hissiyotlarimizni oʻynatadi. Ammo Choʻlponning boltalangani haqida biror aniq fakt yoʻq. Adabiyotshunos Naim Karimovning aytishicha, Choʻlpon otuvga olib ketilayotganda men ustozlarim otilishini koʻrishni istamayman, meni birinchi boʻlib oʻdiringlar deb "janjal" koʻtargan. Keyin uni askarlar ura boshlagan. Qoʻllarida teshami, boltami boʻlgan.
Eʼtibor bering, chopib tashlash haqida gap yoʻq. Choʻlponni oʻsha yerda urib oʻldirishgani ham fakt emas. Tasavvur qiling, oʻsha paytdagi eng yirik oʻlim mashinasida oʻq tugab qolishi aqlga sigʻadigan ishmi? Biror hujjat bormi Choʻlponning boltalangani haqida? Choʻlpon haqida eng koʻp maʼlumot biladigan Naim Karimov fakt yoʻq deb turibdi-ku. Boltalanganiga ishonmayman deb turibdi-ku.
"Boychechak" qoʻshigʻi Choʻlpon haqidami?
Kechirasizlar, shu maʼlumotni tarqatgan odam yo matematikani bilmaydi, yo Choʻlponni tanimaydi. Axir bu qoʻshiq Choʻlpondan kamida 300 yil katta (agar 1000 boʻlmasa) boʻlsa kerak. Dono xalqimiz 300 yildan keyin tugʻiladigan odam haqida qoʻshiq yozmagandir. Mana shu argumentning oʻziyoq bu gaplarning haqiqatga zid ekanini isbotlashga yetarli.
"Boychechak" qoʻshigʻi nima haqida?
Bu qoʻshiqning mazmuni haqida ikki xil qarash bor. Biri, qoʻshiqni bahor elchisiga bagʻishlab kuylangan mavsum qoʻshigʻi ekaniga ishora qiladi, ikkinchisi, boychechak oʻgʻil bola farzandning beshikka belanishi jarayoni haqidagi qoʻshiq ekanini taʼkidlaydi.
Shaxsan menga bu qoʻshiq avval oʻgʻil bolaning beshikka belanishi haqida boʻlgan, keyinchalik odamlar bu mazmunni unuta borgan va bahor elchisi haqidagi qoʻshiqqa aylanganday tuyuladi.
Qani, siz ikkinchi qarash boʻyicha qoʻshiqni tahlil qilib koʻring-chi?
Agar siz ham bu qoʻshiq Choʻlpon haqida deydiganlardan boʻlsangiz, oʻz fikringizni himoya qilishingiz mumkin. Maydon beraman.
@birgap
Post #3834
5.53K
- 👍 24
- ❤ 20
- 🔥 2
- ❤🔥 1