Markaziy bank tashabbusi bilan tijorat banklari hamkorligida tashkil etilgan “Bankda nima gap” loyihasi doirasida bank mijozlarining murojaatlari va tajribalari o‘rganilib, tijorat banklari bilan birgalikda tegishli yechimlar ishlab chiqilmoqda.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “AVO bank” AJ mijozining hisobvaraqlari va omonatlari bo‘yicha operatsiyalar cheklanganiga oid tajriba iste’molchilar huquqlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan batafsil o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, quyidagilarni ma’lum qilamiz.
O‘rganish natijasida mijozning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar “AVO bank” AJ tomonidan Yunusobod tumani prokurori ruxsati bilan Yunusobod tumani IIO FMB TQX KJQKBning tegishli qaroriga asosan muzlatilganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksining 294-moddasida bank muassasalarida saqlanayotgan pullar olib qo‘yilmasligi, lekin mol-mulk xatlangani to‘g‘risidagi qarorni yoki ajrimni olish bilanoq, ularni xarjlash operatsiyalari to‘xtatib qo‘yilishi qayd etilgan.
Shunga asosan, tijorat banklari vakolatli davlat organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida qo‘yilgan talablarni bajarishi shart. Bunday talab mavjud bo‘lgan taqdirda, bank yuqorida qayd etilgan organning hisobvaraqqa qo‘yilgan cheklovni bekor qilish haqidagi qarori olinmaguniga qadar belgilangan cheklovni mustaqil ravishda bekor qilishga haqli emas.
Shuningdek, yuqorida qayd etilgan qarorni qonunchilikka muvofiqligini o‘rganib chiqish bo‘yicha tijorat bankining ham Markaziy bankning ham vakolati mavjud emas.
Ushbu mijozning hisobvaraqlariga nisbatan qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish mazkur cheklovni qo‘ygan huquqni muhofaza qiluvchi organning bankka yuborgan cheklovni bekor qilish haqidagi rasmiy qaroriga yoki sud tomonidan hisobvaraqqa qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish haqidagi qaroriga asosan amalga oshirilishi mumkin.
Shu bilan birga, “AVO bank” AJ tomonidan mijozga huquqni muhofaza qiluvchi organning qaroriga asosan uning hisobvaraqlariga cheklov qo‘yilganligi haqida 2026-yil 3-iyunda va 2026-yil 10-iyulda xatlar bilan ma’lum qilingan.
Markaziy bank mazkur masalani nazoratda saqlashda davom etadi.
Batafsil