——
Dasturlashni o’rganayotgan bo’lsangiz, Siz o’zgaruvchilar (variables) haqida aniq o’qigansiz. Shunda ko’pchilik o’rganadigan standart o’zgaruvchi
a = 5 bo’ladi. Shunda ko’pchilikda savol paydo bo’ladi:Men o’zgaruvchimni
a = 5 deb qilsam, boshqa biror dasturda ham a o’zgaruvchisi bo’lsa, kompyuter qanday qilib adashib ketmaydi?——
Aslida ham, o’zgaruvchilar aralashib ketmasligiga kim javob beradi? Kompyuter ularni qanday ajratib oladi? Keling, shuni aniqlab olamiz.
Tarjimonlar fokusi
Birinchidan, Siz yozgan dastur tarjimon bo’lgan kompilyator yoki interpretator tomonidan kompyuter tiliga tarjima qilinganida unda a, b, c deb nomlangan o’zgaruvchilarga o’rin qolmaydi. Ya’ni dastur machine code’ga o'tkazilgan payt unda faqat protsessor va operativ xotira registrlari nomlari qoladi.
Virtual muhitlar
Ikkinchidan, har bir dastur virtual muhitda ishga tushiriladi. Ho’p, bu nima degani?
Dasturlash birinchi paydo bo’lganida o’zgaruvchilarni nomlash, ularni qat’iy tekshirib borish katta muammolarni keltirib chiqargan. Boshida har bir dasturchi e’lon qilayotgan o’zgaruvchisini shunday atashi kerak edi-ki, u butun tizim ichida unikal bo’lishi va uni qurilmaning o’zi tushuna olishi shart edi.
Lekin Virtuallash mexanizmi o’ylab topilganidan keyin hamma dasturchilar yengil nafas ola boshladilar. Texnik tomondan Virtulization — bu biror dasturiy ta’minotni alohida virtual muhitda ishga tushirishdir. Ammo bu nima degani?
Bu degani, Operatsion Tizim Sizning dasturingizni ishga tushirish vaqtida uni to’g’ridan-to’g’ri xotiraga yubormaydi. Aksincha, Tizim muhitida virtual RAM xotira, virtual CPU ishga tushiriladi va Sizning dasturingiz aynan shu virtual xotiraga yuboriladi. Bu degani Sizning dasturingiz hech qachon haqiqiy qurilma bilan ishlamaydi (istisnoli holatlar albatta bor) degani. Shuning uchun ham o’zgaruvchilar bir-biri bilan hech qachon aralashib ketmaydi, va dasturlardagi ma’lumotlar bir-biriga ta’sir qila olmaydi.
Kelgusi maqolada Virtualization haqida batafsilroq gaplashamiz.
Ilm izlashdan to’xtamang!
@app_hbs